Sirdaryo viloyat IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yaroqsiz go‘sht tashish holati fosh etildi.
Sirdaryo tumanida joylashgan "Sirdaryo" yo‘l-patrul xizmati stasionar posti xodimlari tomonidan "Qashqadaryo-Toshkent" yo‘nalishida harakatlanayotgan "Cobalt" rusumli avtomobil to‘xtatilib, tekshiruv o‘tkazildi. Tekshiruv davomida avtomobil salonida va yukxonasida tegishli hujjatlarsiz go‘sht mahsulotlari tashilayotgani aniqlangan. Tovarlar darhol musodara qilinib, ekspertizaga yuborilgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan go‘sht mahsuloti 250 kilogramm miqdordagi mol go‘shti bo‘lib, u inson iste’moli uchun yaroqsiz ekani va sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkinligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ish materiallari tergov harakatlarini olib borish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasiga yuborildi.