Davlat tili siyosatidagi yangi bosqich
2020 yilda Prezident tomonidan qabul qilingan "2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi" til siyosatining yangi bosqichini boshlab berdi. Ushbu hujjat orqali tilni innovatsiya, raqamli muhit va xalqaro maydonga olib chiqish yo‘llari belgilab berildi.
Shuningdek, o‘zbek tilining nufuzini oshirish bo‘yicha 20 dan ortiq Prezident va Hukumat qarorlari qabul qilindi. Ular orasida davlat tilida ish yuritishni takomillashtirish, atamalarni ilmiy asosda yaratish, geografik obyektlar nomlarini bir tizimga solish, kadrlar malakasini oshirish va raqamli loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi hujjatlar bor.
Bu islohotlarning institutsional asosi sifatida Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi va Atamalar komissiyasi tashkil etildi. Bugunga kelib, davlat tilida ish yuritish, terminlar yaratish, til me’yorlarini ilmiy asosda belgilash uchun markazlashgan tizim shakllandi.
Geografik nomlar
Oxirgi besh yil ichida O‘zbekistondagi 245 mingdan ortiq geografik obyektning nomi davlat tili qoidalariga mos ravishda reyestrga kiritildi. Bular orasida 234 mingdan ziyod aholi punktlari, 2,8 ming ma’muriy-hududiy birlik, 5,5 ming tabiiy obyekt, shuningdek metro bekatlari, temir yo‘l vokzallari, aeroportlar kabi infratuzilma obyektlari ham bor.
2025 yilning o‘zida mahalliy Kengashlar 127 ta qaror qabul qilib, 47 mingta obyekt nomini davlat reyestriga kiritishdi. Bu orqali tarixiy adolat tiklandi.
Shuningdek, milliynom.uz axborot tizimi orqali 94 mingdan ortiq milliy nomlar jamlandi. Bu tizim nom berish jarayonini elektronlashtiribgina qolmay, xalqimizning madaniy merosini raqamli formatda saqlash imkonini ham berdi.
Yangi avlod uchun kitoblar
Davlat tilini rivojlantirish jamg‘armasi 2020-2025 yillar oralig‘ida 105 nomdagi kitobni 165 ming nusxada nashr etdi. Bular qatoriga "O‘zbek tilining izohli lug‘ati" (olti jild), "Alisher Navoiy ensiklopediyasi", "Davlat tilida ish yuritish", "O‘zbek tili me’yorlari", "O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati", "O‘zbek tili (xorijliklar uchun)" kabi fundamental nashrlar kiradi. Shuningdek, "Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi" nomli 30 jildlik to‘plam chop etildi.
Bu kitoblar nafaqat tilshunoslik, balki millatning o‘zligini anglash uchun ham qimmatli manbalardir.
So‘z va raqamli dunyo
Endilikda til rivojini raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilish mumkin emas. Bugun yoshlarimiz bilimning salmoqli qismini gadjetlar orqali olishmoqda. Shu bois so‘nggi yillarda bir qator innovatsion platforma va ilovalar yaratildi:
atamacom.uz - sun’iy intellekt asosida atamalarning o‘zbekcha muqobilini taklif etuvchi tizim;
tahrirlovchi.uz - kirill va lotin yozuvlari o‘rtasida avtomatik tarjima va imlo tahriri imkoniyatiga ega tizim;
matn.uz va tahrirchi.uz - savodxonlikni oshirishga xizmat qiluvchi onlayn platformalar;
tilbilig.uz - diktant va esse mashqlari bilan boyitilgan o‘quv platformasi.
Bu resurslar foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratib, davlat tilining raqamli maydondagi mavqeini mustahkamlab bormoqda.
Grantlar, ilmiy tadqiqotlar va kadrlar siyosati
O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan so‘nggi besh yil ichida 4 milliard so‘mga yaqin grant mablag‘lari ajratilib, "Jadid.uz", "Uzacademy.uz", "Kimyo atamalarining izohli lug‘ati" va "O‘zbek tili milliy korpusi" kabi loyihalar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, yosh olimlarning 40 ga yaqin monografiyalari nashr etildi, "O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik" mavzusidagi konferensiyalar o‘tkazildi. Bu ishlar tilshunoslikning amaliy rivojlanishiga yordam bermoqda.
O‘zbek tilida ish yuritish, notiqlik va yozuv madaniyatini oshirish uchun Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 45 mingdan ortiq davlat xizmatchisi malaka oshirdi.
Bu jarayonda nafaqat til bilish, balki uni nutq madaniyatida, yozma shaklda to‘g‘ri qo‘llash malakasi shakllanmoqda. Shuningdek, fuqarolik qabul qilinayotgan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasini aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani tilning huquqiy mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbek tili jahon sahnasida
So‘nggi yillarda o‘zbek tilini chet ellarda ham katta qiziqish bilan o‘rganayotganlar soni ortib bormoqda. 2020-2025 yillar davomida 35 ta diplomatik vakolatxona va 49 ta konsullik muassasasi orqali 5000 dan ortiq o‘zbekcha darslik va lug‘atlar xorijiy universitetlarga yetkazildi.
Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Fransiya, Germaniya, Koreya va Xitoydagi oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘rganish kurslari yo‘lga qo‘yildi. Yaqinda Oksford universitetining "Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari" fakultetida o‘zbek va eski o‘zbek tillarini o‘rganish yo‘lga qo‘yilgani e’lon qilindi. Bu o‘zbek tilining xalqaro nufuzi ortib borayotganining yaqqol isbotidir.
Yana bir quvonarli fakt: o‘zbekcha Wikipedia 2022 yilda 140 ming maqola bilan 62-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib 308 ming maqola bilan 40-o‘ringa ko‘tarildi.
Yillar, asrlar sinovidan o‘tib kelgan o‘zbek tilining kelajagi, shubhasiz, porloq bo‘ladi. Chunki tilimizni asrab-avaylayotgan buyuk xalqimiz, uni jadal rivojlantirib, nufuzini yuksak darajaga ko‘tarmoqda.
L. Saidmurodov, jurnalist